O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sud va saylov huquqlarini munosib ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi. Tegishli qonunni mamlakat prezidenti imzoladi,
Adliya vazirligidan ma’lum qilishlaricha, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarga ko‘ra, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning boshqalar bilan teng ravishda odil sudlovdan foydalanishini ta’minlaydi. Shu jumladan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud jarayonining barcha bosqichlarida, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bevosita yoki bilvosita ishtirokini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rish.
Nogironligi bo‘lgan fuqarolarning davlat ijtimoiy-siyosiy hayotida bevosita yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etishi ham ta’minlanadi. Qonunga muvofiq, fuqarolarning ushbu toifasi saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish huquqiga ega.
Bundan tashqari, davlat tomonidan barcha toifadagi nogironlar, shu jumladan, eshitish va ko‘rishda nogironligi bo‘lgan hamda nogironlar aravachasida yuradiganlar uchun saylov uchastkalarida (referendum o‘tkaziladigan o‘tkaziladigan joylarda) ovoz berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Qayd etilishicha, ilgari bunday normalar mavjud emas edi.
Shuningdek, qonun nogironlar bilan muloqot qilish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan muloqot shakllarini, shuningdek, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini nogironlarning ularga to‘sqinliksiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi qoidalar bilan to‘ldiriladi.