Uch kunlik tashrif davomida oliy darajadagi muzokaralar, shuningdek, C5+1 sammitida ishtirok etish kutilmoqda.
15-17 sentabr kunlari Germaniya Federal kansleri Olaf Shols O‘zbekiston va Qozog‘istonda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Bu tashrif kanslerning Markaziy Osiyoga ilk safari bo‘ladi, dedi Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebestrayt.
Olaf Shols mintaqaga tashrifi davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Muzokaralarning asosiy maqsadi Germaniya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, uchrashuvlarda ikki tomonlama va tashqi siyosatning muhim masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
17-sentabr kuni kansler Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan C5+1 sammitida ishtirok etadi.
Qayd etilishicha, Olaf Sholsning tashrifi mazkur mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan.
Kanslerga safarda nemis biznes vakillaridan iborat katta delegatsiya hamrohlik qiladi.