MAGATE O‘zbekiston uchun onkologiya sohasida mutaxassislar tayyorlaydi

Avstriyada Sog'liqni saqlash vazirligi MAGATE bilan tegishli kelishuvni imzoladi.

Avstriya poytaxti Vena shahrida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Bosh konferensiyasining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir doirasida Sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotganini qayd etdilar. O‘zbekiston ushbu agentlik bilan yadro tibbiyoti sohasida, jumladan, tibbiy ta’sir qilishda radiatsiyaviy xavfsizlik standartlarini takomillashtirish, radiatsiya terapiyasi muassasalarini modernizatsiya qilish va diagnostik radiologiya sifatini oshirishda faol hamkorlik qiladi.

Uchrashuvda Toshkent shahridagi yangi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

“Ushbu loyiha onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini joriy etishga xizmat qiladi, bu esa O‘zbekistonda onkologik xizmat sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Biz ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyormiz, – dedi R.Grossi.

Uchrashuv yakunida A.Xudayarov MAGATE Bosh direktorini O‘zbekistonga tashrif buyurishni va mamlakatning yadro tibbiyoti sohasidagi yutuqlari bilan shaxsan tanishishni taklif qildi.