Ozarbayjon prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi

22-23 avgust kunlari Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan mamlakatga keladi.

Toshkent shahrida boʻlish dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston va Ozarbayjon rahbarlari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

Asosiy eʼtibor oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfelini shakllantirish, ishbilarmonlik aloqalarini, jumladan, hududlararo almashinuv doirasidagi aloqalarni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ochish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish va boshqalarga qaratiladi.

Shuningdek, Prezidentlarning ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan qo‘shma uchrashuvi o‘tkazishi, qator biznes va madaniy tadbirlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.