O‘zbekistonlik kardiologlar Londonda bo‘lib o‘tgan Yevropa kongressida mamlakatimiz nomidan muvaffaqiyatli ishtirok etdi

Londonda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan yetakchi mutaxassislarni jamlagan yurak-qon tomir tibbiyoti sohasidagi eng yirik tadbir bo‘lgan Yevropa kardiologiya kongressi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli forumda O‘zbekiston xalqaro hamkasblar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan beshta ma’ruza bilan o‘zini baland ovozda e’lon qildi.

O‘zbekiston kardiologlar assotsiatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi stent taqdimoti diqqatga sazovor voqealardan biri bo‘ldi. Mazkur innovatsion mahsulot xorijlik mutaxassislarning e’tiborini tortdi va mamlakatimizda tibbiy texnologiyalar yuqori darajada rivojlanganini tasdiqladi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ma’ruzalari yurak-qon tomir kasalliklarini tashxislashning ilg‘or usullaridan tortib, davolash va oldini olishning zamonaviy yondashuvlarigacha bo‘lgan keng ko‘lamli mavzularni qamrab oldi.