O‘zbekistonning yangi elchisi Alisher To‘xtayev Islomoboddagi “Ayvan-e-Sadr” saroyida Pokiston prezidenti Osif Ali Zardoriyga ishonch yorliqlarini topshirdi.
“Dunyo” nashri xabariga koʻra, rasmiy marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbatda tomonlar Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan.
Savdo-iqtisodiy munosabatlar sohasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvini faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pokiston rahbari joriy yilning noyabr oyida qayta tiklanishi rejalashtirilgan Toshkent va Lahor oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar sayyohlar oqimini koʻpaytirish va ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga yangi surʼat bagʻishlashini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Pokiston Prezidenti O‘zbekiston elchisiga munosabatlarni mustahkamlash borasidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Alisher To‘xtayev oktyabr oyi boshida O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasiga rahbarlik qilgan edi. U Afg‘onistonga elchi etib tayinlangan Oybek Usmonov o‘rnini egalladi.