Olovli ibodatxona va xudolarning noyob haykalchalari. O‘zbek-Xitoy arxeologik ekspeditsiyasi Surxondaryoda nimani kashf etdi?
Bugun ilk bor Termiz arxeologiya muzeyida Surxondaryo viloyatidagi arxeologik yodgorliklarda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma ekspeditsiyasining barcha topilmalari taqdim etildi. Qurollar, idishlar, xudolarning haykalchalari va tosh, sopol va bronzadan yasalgan boshqa buyumlar - jami mingdan ortiq noyob eksponatlar namoyish etildi.
Taqdimot Termiz shahridagi birinchi arxeologik ekspeditsiyaning 145 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy davra suhbati doirasida bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shma arxeologik ekspeditsiya a’zolaridan biri bo‘lgan xitoylik paleozoolog Ding Yuxin o‘ziga xos eksponatlarni – bundan ming yillar avval bu joylarda xonakilashtirilgan yovvoyi hayvonlarning suyaklarini namoyish etdi. Ekspeditsiyaning Xitoy tomonining yana bir ishtirokchisi, Xitoydagi virtual muzeylar yaratish bo‘yicha taniqli studiyaning yetakchi mutaxassisi Chju Szyansun topilmalarning 3D tasvirlarini yaratish loyihasini taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma ekspeditsiyasining ishi joriy yilning bahorida boshlangan edi. Undan avval Buyuk Ipak yoʻli boʻyida joylashgan Oʻzbekiston obidalarida arxeologik tadqiqotlar olib borish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. U Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti qoshidagi Madaniy meros instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan. Termiz arxeologiya muzeyi va Termiz davlat universiteti bilan kelishuvga erishildi. Ekspeditsiya tarkibida o‘zbekistonlik taniqli arxeolog va tarixchilar, ularning xitoylik hamkasblari, shuningdek, boshqa mamlakatlardan bir qator olimlar bor edi.