Saida Mirziyoyeva Dubay valiahdi, BAA mudofaa vaziri bilan uchrashdi

Uchrashuvda turli sohalardagi hamkorlik masalalari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

27-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva Dubay valiahd shahzodasi, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Mudofaa vaziri Shayx Hamdan bin Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uchrashuvda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

– Oliy darajadagi forum doirasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvimiz O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi yaqin va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman, – dedi Saida Mirziyoyeva.