Shok! Jahon banki O‘zbekistonga 800 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi

Mablag‘lar ijtimoiy himoyani kengaytirish, gender zo‘ravonligiga qarshi kurashni kuchaytirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, temir yo‘l va energetika sohasini yaxshilash va boshqa islohotlarga yo‘naltiriladi.

Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistonning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollarlik imtiyozli kreditlar ajratilishini ma’qulladi.

“Ushbu mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkalari va uzoq muddatlarda taqdim etiladi. Bu O‘zbekistonga muhim moliyaviy resurslarni tejashga yordam beradi va bu mablag‘lar shoshilinch ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda qo‘llaniladi”, — deyiladi bank matbuot xizmati xabarida.

Jahon bankining moliyalashtirishi hukumatga quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishga qaratilgan tarkibiy islohotlar dasturini amalga oshirishga yordam beradi:

• ijtimoiy himoya tizimi: fuqarolarning ayrim toifalarini ishsizlik, kasallik va onalik nafaqalari bilan qamrab olishni kengaytirish;
• gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi kurash: oilaviy va jinsiy zo'ravonlik qurbonlari huquqlarini yanada samarali himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;
• fermerlarning qishloq xo'jaligi yerlariga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini ta'minlash: ushbu huquqlarga rioya etilishini kafolatlash mexanizmlarini ishlab chiqish;
• ishbilarmonlik muhitini yaxshilash: investorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishni kafolatlovchi qonun hujjatlarini ishlab chiqish;
• davlat moliyasini boshqarish: fiskal risklar haqida hisobot berish mexanizmlarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini boshqarishni takomillashtirish;
• iqlim o'zgarishiga qarshi kurash: iqlim o'zgarishiga hissa qo'shadigan atmosfera chiqindilarini kamaytirishni rag'batlantiruvchi qonunchilikni ishlab chiqish;
• suv resurslarini boshqarish: suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va suv yetkazib beruvchilar va foydalanuvchilarning mas'uliyatini kuchaytirish uchun institutsional va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish;
• atrof-muhit va iqlimga ta'sirni baholash: hokimiyat organlarining iqlim o'zgarishi, atrof-muhit omillari va havo ifloslanishining iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, shuningdek, odamlar salomatligi va farovonligiga ta'sirini baholash bo'yicha salohiyatini rivojlantirish;
• iqlim o'zgarishiga chidamliligini oshirishga investitsiyalar: xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik toza loyihalarga davlat investitsiyalari ulushini oshirish;
• temir yo‘l sohasi: temir yo‘l tarmog‘ining samaradorligi va rentabelligini oshirish, temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb etish va sohada havoga chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha qonunchilik bazasini takomillashtirish;
• energetika sektori: tarmoq samaradorligini oshirish va uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida energiya tarif tizimini isloh qilish. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini tariflarning oshishi oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirish. Qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishda xususiy sektor ishtirokini oshirish uchun huquqiy va institutsional bazani takomillashtirish.