Juda kutilmagan! AQSh Registon maydonidagi Sher-Dor madrasasini restavratsiya qilish uchun 500 ming dollar ajratadi.

Ajratilgan mablag‘lar xorijlik mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb qilgan holda Sher-Dor madrasasi fasadini konservatsiya va restavratsiya qilishga yo‘naltiriladi.

AQSh Samarqanddagi Registon maydonidagi meʼmoriy restavratsiya ishlari uchun 500 ming dollar miqdorida grant ajratadi, deb xabar qildi AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Madaniy meros agentligi tomonidan taqdim etilgan taklif global tanlov doirasida tanlab olingan va O‘zbekiston uchun tanlovning butun tarixidagi eng yirik taklif hisoblanadi.

Agentlik Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti ko‘magida Sher-Dor madrasasi fasadini konservatsiya va restavratsiya qiladi. Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar maslahatchi sifatida taklif etiladi.

Bundan tashqari, loyiha hamkorlari Agentlikni dunyoning yetakchi olimlari bilan bog‘lashda yordam beradi hamda madaniy merosni asrab-avaylash va ilmiy tarqatish bo‘yicha sa’y-harakatlar uchun zarur hujjatlar va resurslardan foydalanish imkonini beradi.

“Tarixiy Registon maydonidagi go‘zal va betakror Sher-Dor madrasasini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘lganimizdan mamnunmiz. Bu sa'y-harakatlar ushbu muhim obidani ko'p avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishga yordam beradi. Bunday sheriklik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi va O‘zbekistonning ushbu muhim obidasi va madaniy merosini asrab-avaylashga katta hissa qo‘shadi”, — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik.

Ushbu moliyalashtirish AQShning Oʻzbekistondagi elchisining Madaniy merosni asrash jamgʻarmasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan 14-loyiha boʻlib, bugungi kunga qadar mamlakat uchun 1,35 million dollarga yaqin mablagʻ ajratdi.