Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni Rossiya Bosh prokurori Igor Krasnovni qabul qildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Maʼlumotlarga koʻra, davlat rahbari Rossiya delegatsiyasi bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini muhokama qilgan.
Tomonlar terrorizm, ekstremizm, kiberjinoyatlar, korrupsiya va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlik, jinoiy aktivlarni qaytarish, sun’iy intellekt va raqamlashtirishni joriy etish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Rossiya prokuraturalari oʻrtasida yaqin muloqot oʻrnatish, aloqa va almashinuvlarni kengaytirish, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sergey Bezrukov va Andris Liepani “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan edi. Mukofot O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi ulkan yutuqlari uchun berildi.